• Марҳамат тумани Мингтепа МФЙ Бобуршоҳ кўчаси 41-уй
  • (74) 391-25-00

SUD-HUQUQ ISLOHOTLARI AMALDA

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida so‘nggi yillarda sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish yuzasidan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilgani alohida qayd etilib, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bog‘liq holatlar uchrayotgani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari sud sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar haqida to‘xtalar ekan, bir qator vakolatlar prokurordan sudga o‘tkazilishiga e’tiborimizni qaratdi. Jumladan, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya prokurordan sudga o‘tkaziladi. Tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmaydi. Bundan buyon mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi. Sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi.

Prezidentimizning joriy yil 16-yanvardagi “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlarida murojaatnomada belgilangan ushbu vazifalar ijrosi o‘z ifodasini topdi. Sud tizimida yuz beradigan islohotlar mustahkamlab qo‘yildi. Sud-huquq tizimining jadal isloh qilinishini ta’minlash, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish uchun 2023-2026-yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi tasdiqlandi.  

Strategiyaning ahamiyatli jihati shundaki, unda odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifasi etib “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish, adolatli sud qarorlarini qabul qilishga erishish orqali yurtdoshlarimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Endilikda fuqarolar shu jumladan, tadbirkorlarga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qilishi uchun zarur imkoniyatlar yaratilib, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tenglik tamoyillarini to‘laqonli amalga oshirish, sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish ham muhim vazifa sifatida belgilab olindi. Bunday o‘zgarish va yangilanishlar adolatli davlat barpo etilayotgan mamlakatimizda odamlarning sud tizimini o‘zining eng ishonchli himoyachisi sifatida his qilishiga puxta zamin yaratadi.  

“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yilida qabul qilingan mazkur hujjatlar sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirmoqda. Sudga hurmatsizlik qilish va sud ishiga aralashish holatlarining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqish mezonlarini belgilab bermoqda. Sud qarorlarining qat’iy ijrosini ta’minlashda davlat organlari va mahalliy hokimliklarning mas’uliyati oshirilib, xalqimizning odil sud va davlatdan rozi bo‘lishiga e’tibor kuchaytirilmoqda.

Farmonda tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilayotgani sud qarorlari qonuniy va adolatli qabul qilinganini tekshirishning qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratayotir. Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishishning imkoniyatlari yanada kengayib, aholining sudma-sud ovora bo‘lib yurishiga barham beriladi. Bunda birinchi instansiya sudining qaror yoki hukmidan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi. Sud ishidan yana norozi bo‘lgan taqdirda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar taftish tartibida ko‘rib chiqqan ishlar Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi. Endi yuqori instansiya sudlariga yanada katta mas’uliyat yuklanib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibining bekor qilinayotgani ham sud hujjatidan norozi shaxsning yuqori instansiyaga umid va ishonchini mustahkamlaydi.  

Inson qadr-qimmatini ulug‘lashga qaratilgan ushbu farmonlarda sudyalarning chinakam mustaqilligi ta’minlanishi, ularning ishiga har qanday aralashuv qat’iy jazolanishi, sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi belgilangani ham sud-huquq islohotlarini yangi va sifatli bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Eng asosiysi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlari yanada kuchaytirilib, ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama va to‘liq tekshirilishi, dalillarga xolisona baho berilishi, huquq-tartibot idoralarining tamomila yangicha ishlashi va xalqimizning sudlarga bo‘lgan qat’iy ishonchini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Z.To`xtasinov,

Andijon tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech